Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi va xalqimiz osoyishtaligini ta’minlash yo‘lida xizmat burchini o‘tash chog‘ida halok bo‘lgan mard o‘g‘lonlarning porloq xotirasini xalqimiz hech qachon unutmaydi.
Farg‘ona shahridagi 25-umumta’lim maktabiga kiraverishida qad rostlagan Dilshod Asanov me’moriy yodgorligi poyi anvoyi gullarga burkandi. Vatan tinchligi yo‘lida jasorat ko‘rsatgan mard o‘g‘lonning mag‘rur qiyofasi timsolida u hamisha barhayot ekani, yillar o‘tgani sari yanada o‘ktam bo‘lib, ulg‘ayib borayotganini ko‘rish mumkin. Onasi qahramonning yuz-ko‘zlarini silab, “Mening o‘g‘lim o‘lmagan, uning mardonavor ruhi hozir biz bilan bir davrada kezib yurganiga ishonaman”, deydi g‘urur bilan davraga boqar ekan.
Mazkur memorial yodgorlikning ochilish marosimida Vatan himoyasi uchun jonini fido qilgan mard o‘g‘lon xotirasi yodga olindi. Unda viloyat hokimligi, viloyat mudofaa ishlari boshqarmasi vakillari, mehnat faxriylari, mahalla faollari, o‘quvchi-yoshlar hamda Dilshod Asanovning oila a’zolari, quroldosh do‘stlari va sinfdoshlari jam bo‘ldi.
Tadbirda xalqimiz yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan bu kabi mard o‘g‘lonlarini hech qachon unutmasligi ta’kidlandi.

Bilim dargohida tashkil etilgan boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik sinflari o‘quvchilarining harbiy va jismoniy mashg‘ulotlar jarayonidagi mahorati, ona Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar, she’rlar yig‘ilganlar tomonidan gulduros qarsaklar bilan olqishlandi. Yig‘ilganlar ta’lim maskanida maktabning sobiq o‘quvchisi, 2000 yili Surxondaryo viloyatida yurtimiz sarhadlariga bostirib kirgan yovlarga qarshi kurashda 25 yoshida halok bo‘lgan Dilshod Asanovga bag‘ishlab tashkil etilgan xotira burchagi bilan tanishdi.

U qisqa umri davomida o‘z qahramonligi tufayli yulduzdek shu’la sochib, tinch hayotimiz va buyuk kelajagimiz yo‘lini charog‘on etdi. Shu ma’noda, yulduzlar mangu porlaydi!


























