TOSHKENT–DEHLI: STRATEGIK SHERIKLIKNING YANGI BOSQICHI

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Avgust 21, 2026

TOSHKENT–DEHLI: STRATEGIK SHERIKLIKNING YANGI BOSQICHI

Oʻzbekiston va Hindiston oʻrtasidagi munosabatlar tarixiy yaqinlikdan sanoat kooperasiyasi, investisiyalar, texnologiyalar va mintaqaviy bogʻliqlikka asoslangan amaliy sheriklik sari bormoqda

Oʻzbekiston–Hindiston munosabatlarining bugungi bosqichini bir ibora bilan ifodalash mumkin: tarixiy yaqinlikni amaliy sheriklikka aylantirish davri. Asrlar davomida savdo yoʻllari, ilm-fan va madaniyat orqali bogʻlangan ikki xalq oʻrtasidagi munosabatlar hozir investisiyalar, sanoat, texnologiyalar, transport, farmasevtika, ta’lim va energetika kabi sohalarda yangi mazmun kasb etmoqda.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Oʻzbekistonga kutilayotgan tashrifi ana shu jarayonga yangi sur’at bagʻishlashi mumkin. Masala navbatdagi oliy darajadagi uchrashuvning oʻzida emas, balki yillar davomida shakllangan siyosiy ishonchni aniq iqtisodiy va texnologik natijalarga aylantirish imkoniyatidadir. Oʻzbekiston va Hindiston 2011 yilda strategik sheriklik munosabatlarini oʻrnatgan. Keyingi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoev va Bosh vazir Narendra Modi oʻrtasidagi muntazam muloqot bu sheriklikka izchillik bagʻishladi.

Siyosiy ishonchdan iqtisodiy natijaga

Bugun ikki tomonlama munosabatlarning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri iqtisodiy manfaatdir. Hindiston Savdo va sanoat vazirligi ma’lumotiga koʻra, oʻzaro savdo hajmi qariyb 1,5 milliard dollardan oshgan. Tomonlar esa mavjud salohiyat bu koʻrsatkichdan ancha yuqori ekanini qayd etib, yaqin uch yil ichida savdoni ikki baravar oshirish maqsadini ilgari surmoqda.
Yangi bosqichda masala faqat savdo hajmini koʻpaytirishdan iborat emas. Muhimi — yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ulushini oshirish, qoʻshma investisiyalar va ishlab chiqarishni kengaytirish, uchinchi bozorlarga birgalikda chiqishdir. 2024 yilda imzolangan va 2025 yilda kuchga kirgan ikki tomonlama investisiya bitimi ham investorlar uchun huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Togʻ-kon sanoati, toʻqimachilik, farmasevtika, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqatni qayta ishlash, axborot texnologiyalari, mashinasozlik kabi yoʻnalishlar iqtisodiy sheriklikning asosiy oʻsish nuqtalari sifatida koʻrilmoqda. Hindiston biznesining Oʻzbekistondagi gidroenergetika, konchilik va infratuzilma loyihalariga qiziqishi ham bu jarayonning amaliy tus olayotganini koʻrsatadi.

Sanoat va texnologiyalar — yangi imkoniyatlar

Soʻnggi muloqotlarda kritik va kamyob yer minerallari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Elektronika, akkumulyatorlar, elektr transporti va qayta tiklanuvchi energetika rivojlangan sari bunday resurslarga talab ortib bormoqda. Oʻzbekiston uchun bu sohadagi asosiy manfaat xomashyoni eksport qilish bilan cheklanmasdan, uni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjirlarini mamlakat ichida rivojlantirishdan iborat.
Farmasevtika va raqamli iqtisodiyot ham tabiiy hamkorlik maydonidir. Hindiston dori vositalari, tibbiy texnologiyalar, axborot texnologiyalari va raqamli xizmatlar sohasida katta tajribaga ega. Oʻzbekiston uchun esa qoʻshma korxonalar tashkil etish, mahalliylashtirish, dasturiy mahsulotlar yaratish, startaplarni qoʻllab-quvvatlash va yuqori malakali kadrlar tayyorlash ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Energetika sohasida ham manfaatlar mushtarak. Quyosh va shamol energetikasi, energiya tejamkor texnologiyalar, energiya saqlash tizimlari, suv tejovchi yechimlar va ekologik toza ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik iqtisodiy sheriklikni barqaror taraqqiyot vazifalari bilan bogʻlashi mumkin.

Transport va inson kapitali

Ikki mamlakat oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri quruqlik yoʻlining yoʻqligi savdo salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarishga toʻsqinlik qiluvchi asosiy omillardan biri. Shu bois Eronning Chobahor porti orqali transport yoʻnalishlarini rivojlantirish strategik ahamiyatga ega. Biroq samarali yoʻlak port va temir yoʻlning oʻzi bilan cheklanmaydi: raqobatbardosh tariflar, soddalashtirilgan bojxona tartiblari, standartlarni oʻzaro tan olish va raqamlashtirilgan logistika ham zarur.
Sheriklikning uzoq muddatli poydevori esa inson kapitalida. Hindiston Prezidenti kotibiyati ma’lumotiga koʻra, Oʻzbekistondan 3 mingdan ziyod davlat xizmatchisi, mutaxassis va talaba Hindistonning texnik-iqtisodiy hamkorlik hamda stipendiya dasturlarida qatnashgan. Ayni paytda Oʻzbekiston oliy ta’lim muassasalarida 16 mingdan ortiq hindistonlik talaba tahsil olmoqda. Bu salohiyatni qoʻshma ilmiy tadqiqotlar, muhandislik va IT dasturlari, akademik almashinuvlar bilan boyitish mumkin.
Xavfsizlik sohasidagi hamkorlik ham strategik sheriklikning muhim qismi. 2026 yil aprel oyida Namangan viloyatida Oʻzbekiston va Hindiston qurolli kuchlarining “Doʻstlik” qoʻshma mashqlari oʻtkazildi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, Afgʻonistonda barqarorlikni ta’minlash va xavfsiz transport yoʻlaklarini shakllantirish Toshkent va Dehlining umumiy manfaatlariga daxldor.

Yangi bosqichning asosiy mezoni.

Bugun Oʻzbekiston–Hindiston munosabatlarida zarur siyosiy poydevor mavjud. Savdo oʻsmoqda, investisiyalar uchun huquqiy baza mustahkamlandi, yangi sanoat va texnologik yoʻnalishlar shakllanmoqda. Endi asosiy vazifa — ana shu imkoniyatlarni amaliy natijaga aylantirish.Shu ma’noda kutilayotgan oliy darajadagi muloqot samarasini faqat imzolanadigan hujjatlar soni bilan oʻlchash toʻgʻri emas. Asosiy mezon — kelishuvlarning yangi ishlab chiqarish quvvatlari, investisiya loyihalari, texnologiyalar, ish oʻrinlari, eksport bozorlari va kadrlar tayyorlash dasturlariga aylanishidir.Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning markazida, Hindiston esa Janubiy Osiyoning yirik iqtisodiy va texnologik markazlaridan biri. Shu bois Toshkent–Dehli strategik sherikligining yangi bosqichi tarixiy doʻstlikni zamonaviy iqtisodiy mazmun bilan boyitish, ikki mintaqa oʻrtasida savdo, texnologiya va taraqqiyot koʻpriklarini mustahkamlash imkoniyatidir.

Jahongir Isaev,
“Barqaror rivojlanish markazi” NNT boʻlim boshligʻi