O‘zbekiston tadbirkorlari 2017-yildagi faoliyatlarini ijobiy baholadi

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 31, 2018

O‘zbekiston tadbirkorlari 2017-yildagi faoliyatlarini ijobiy baholadi

2017-yilda O‘zbekiston tadbirkorlarining yarmidan ko‘pi olgan daromadini ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va kengaytirish, zamonaviy uskunalar xarid qilish hamda innovatsion va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida o‘z korxonalariga qayta sarmoya tarzida kiritdi.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan «O‘zbekistondagi ishbilarmonlik muhiti –tadbirkorlar nigohida» mavzuida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rov natijalari bo‘yicha bu haqda ma’lum qilindi. Tadqiqot mamlakatimizning barcha viloyatlarida o‘tkazildi va uning doirasida biznesning turli sohalarida faoliyat yurituvchi tadbirkorlar fikri o‘rganildi. Bu tadbirkorlar va fermerlarning o‘z faoliyati uchun yaratilayotgan sharoitlar va natijalardan qoniqish darajasi, davlat organlarining 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga oid faoliyati haqidagi fikrlarini aniqlash imkonini berdi.

So‘rov natijalari shuni ko‘rsatdiki, tadbirkorlar va fermerlarning aksariyati (84,7 foizi) ishbilarmonlik muhitini ijobiy baholaydi, bu ijobiy o‘zgarishlar Prezidentimiz rahnamoligida amalga oshirilayotgan xususiy sektorni rivojlantirishga xizmat qiluvchi va barcha korxonalar uchun teng imkoniyatlar taqdim etuvchi samarali islohotlar natijasi ekanini tasdiqlaydi.

Respondentlar fikricha, tadbirkorlik sub’ektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi «yagona darcha» markazining hokimliklar tuzilmasidan Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkazilgani tadbirkorlik sub’ektlariga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlarining sifati, hammabopligi va ochiqligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasining tashkil qilinishiga ham ijobiy fikr bildirildi.

So‘rovda qatnashgan tadbirkorlarning yarmidan ko‘pi 2017-yilda o‘z faoliyatida salmoqli ijobiy natijalarga erishgani, kutilgan daromadga ega bo‘lgani yoki o‘z korxonalarini rivojlantirishning prognoz qilingan ko‘rsatkichlarini ta’minlaganini qayd etdi. Ishtirokchilarning 66,4 foizi mamlakatimizda barcha korxonalar uchun teng huquq va imkoniyatlar taqdim etilganini tasdiqladi.

Jamoatchilik fikrini o‘rganish O‘zbekistonda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash uchun keng rezervlar mavjudligini ko‘rsatdi. Bank kreditlarini olishda qiyinchiliklarning yo‘qligi, suv, gaz, elektr bilan uzluksiz ta’minlanish va soliqlarning kamaytirilishi shular jumlasidandir.

Tadbirkorlar fiskal siyosat, shuningdek, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida taqdim etilgan ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar o‘z daromadini yashirmay, aksincha, uni ochiq ko‘rsatishga undaydi, degan umumiy to‘xtamga kelgan.

So‘rov natijalari davlat organlari tomonidan korxonalarda o‘tkaziladigan tekshiruvlar soni keskin kamaygani, tekshiruvlar tobora profilaktik va maslahat tusini olayotgani, turli kamchiliklarni aniqlash va ularni bartaraf etishga yordam berayotganini ko‘rsatadi. Shunga qaramay, respondentlarning aksariyati nazorat organlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan korrupsiya holatlariga duch kelmoqda. Shu jihatdan, tadbirkorlarning huquqiy madaniyati, huquqiy himoyalanganligiga ishonchi ortib bormoqda. Har uchinchi ishtirokchi huquqi buzilgan yoki poymol qilingan taqdirda Prezidentimizning Virtual qabulxonasi, prokuratura yoki mahalliy hokimlikka qonuniy huquqlarini himoya qilish uchun murojaat etishga tayyorligini bildirgan.

Xulosa qilib aytganda, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida amalga oshirilayotgan institutsional islohotlar mamlakatimiz tadbirkorlari va fermerlari tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.

«Ijtimoiy fikr» markazi
materiallari asosida