«O‘zRTXB» aksiyadorlik jamiyati: savdo jarayoni tobora shaffoflashmoqda

O'zbekiston investitsiya portali

76 davlat fuqarolari Oʻzbekistonga elektron viza olishlari mumkin boʻladi (Roʻyxat)

Oʻzbekiston 45 ta davlat fuqarolari uchun vizani bekor qilishni eʼlon qildi (Roʻyxat)

Oʻzbekistonga sayohat qilayotgan Hindiston fuqarolari uchun muhim viza maʼlumotlari

Yanvar 18, 2018

«O‘zRTXB» aksiyadorlik jamiyati: savdo jarayoni tobora shaffoflashmoqda

«O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi» AJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda birja savdo maydonlarida ijobiy natijalar qo‘lga kiritilgan, savdo jarayoni ochiqligini oshiruvchi zamonaviy texnologiyalar tatbiq etilgan, yangi tovar pozitsiyalari bo‘yicha birja shartnomalari ochilgan.

Tabdirkorlar va boshqa xo‘jalik yurituvchi subyektlarning birja bozoridan foydalanishini kengaytirish maqsadida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar tufayli 2017-yilda «O‘zRTXB» AJda imzolangan shartnomalarning umumiy hajmi 13,8 trillion so‘mni tashkil qilgan. Bu 2016-yildagi ko‘rsatkichdan 15,2 foiz ko‘pdir. Bundan tashqari, o‘tgan yili 1 ming 706 ta standart birja shartnomasi ochilgan, sotilgan tovarlar tuzilmasida bozorning salmoqli qismini oziq-ovqat mahsulotlari, qora va rangli metallar egallagan.

Elektron savdolar ishtirokchilarining akkreditatsiya jarayoni soddalashtirilgani natijasida birjada yangi hamkorlar safi sezilarli ravishda kengaydi. Bunda asosiy e’tibor tadbirkorlik subyektlarining elektron savdolarda keng ishtirokini ta’minlashga qaratildi. Shu tariqa kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari ishtirokida tuzilgan shartnomalarning umumiy hajmi 9,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu esa 2016 yildagidan 12 foiz ko‘proqdir. Tadbirkorlar birja orqali 6 trillion so‘mlikdan ortiq tovar zaxiralarini xarid qilgan va 2,7 trillion so‘mlik mahsulot sotgan. Tadbirkorlik mahsulotlarini sotish hajmi 15 foiz o‘sgan. Bu tadbirkorlarning birja savdolari va elektron tijoratda ishtirok etishdan manfaatdorligi ortganidan dalolatdir.

2017-yil ko‘rgazma-yarmarka savdolari tizimida ham ijobiy o‘sish kuzatilib, ular orqali 1,6 trillion so‘mlik 66,8 mingta shartnoma tuzilgan. Bu 2016-yildagiga nisbatan 10 foiz ko‘pdir.

Avtoraqamlar sotish bo‘yicha elektron auksion savdo o‘tkazish uchun 2017 yilda yangi axborot tizimi va veb-saytning joriy etilishi «O‘zRTXB» AJning eng samarali yangiliklaridan biri bo‘ldi. Elektron savdolarning yangi mexanizmi ochiqlik, raqobatbardoshlik va barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish tamoyillariga asoslangan. Yangi mexanizm Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 11-iyuldagi «Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 31-avgustdagi «Avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va ularga ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq yaratilgan edi.

Birja mijozlari onlayn-auksionda mobil uskunalari orqali bevosita ishtirok etishlari mumkin. Buning uchun «Avtoraqamlar» savdo tizimining maxsus mobil ilovasi ishlab chiqildi. Onlayn-auksionda qatnashish jarayoni shaxsiy kabinet orqali amalga oshiriladi. Tizim ishga tushirilgan kundan to 2017-yil oxiriga qadar onlayn-auksion orqali jismoniy va yuridik shaxslar uchun umumiy qiymati 27,6 milliard so‘mlik 1 ming 364 ta avtoraqam sotilgan.

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi doirasida «O‘zRTXB» AJ rahbariyati tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning sayyor qabulxonalari tashkil etildi, hududlarda tadbirkorlar ishtirokida uchrashuvlar va seminarlar o‘tkazildi, shuningdek, OAV vakillari uchun matbuot konferensiyalari va press-turlar uyushtirildi. «O‘zRTXB» AJ tomonidan 2017-yil noyabr oyida «Novosti UZEX» korporativ televizion dasturining yangi talqini ishga tushirildi.